Rasmiy xabar

Ijtimoiy tarmoqlarda 12-noyabr kuni Toshkent shahar FHDYO bo‘limining “Nikoh maktabi” darsida o‘qituvchi tomonidan oila ichidagi zo‘ravonlikni oqlovchi fikrlar bildirildi, degan mazmundagi xabar tarqaldi. Mazkur holat Yashnobod tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Yoshlarni oila hayotiga tayyorlash o‘quv bo‘limida yosh nikohlanuvchilarga dars jarayonida erkak va ayolning teng huquqliligi alohida ta’kidlangan. Oila ichidagi erkak va ayol rollari haqida gap ketganda, ularning tabiiy-biologik farqlari sababli ayrim vazifalarda farq bo‘lishi mumkinligi, bu esa tengsizlik emasligi bayon etilgan. Milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, yosh kelinlarning farzandli bo‘lish davrida vaqtini ko‘proq oila a’zolari bilan o‘tkazishi tabiiy jarayon ekani, bu “bo‘ysunish” emas, balki oila oldidagi mas’uliyat sifatida tushuntirilgan.

Yashnobod tumanidagi Yoshlarni oila hayotiga tayyorlash bo‘limi o‘qituvchilarining kasbiy malakalari o‘rganilib, nazoratga olindi. Hozirga qadar mazkur o‘quv maskanida 575 nafar yosh nikohlanuvchi o‘qitilib kelinmoqda.