“Raqamli avlod qizlari” loyihasining Yashnobod tumani bosqichi va taqdirlash marosimi

 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda “Raqamli avlod qizlari” loyihasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yosh qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi qiziqishi va raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.

Tanlovda 400 ga yaqin ishtirokchi yashil iqtisodiyot, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi va ta’lim sohalarida ijodiy va amaliy loyihalarini taqdim etdilar. Har bir loyiha mazmuni, innovatsion g‘oyasi va taqdimot sifati bo‘yicha baholandi.

Eng yuqori natijaga erishgan 16-20 yoshdagi besh nafar qizlarimiz shahar bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bugun taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o‘rinbosari M. Tursunova, Ixtisoslashtirilgan sport va ijod maktablari boshqarmasi boshlig‘i S. Ashirov hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i G. Yakubova ishtirok etib, g‘oliblarni tabrikladilar.

G‘olib qizlar faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, barcha ishtirokchilar esa faol ishtiroki uchun e’tirof etildi.

Loyihaning asosiy maqsadi — yosh avlodning raqamli tafakkurini rivojlantirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va IT sohasiga qiziqishini oshirishdan iborat. G‘oliblarimizga shahar bosqichida ham omad tilaymiz!