Yurtboshimiz joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qoʼmitasiga tashrifi chogʼida sohani takomillashtirish, xususan soliq tizimini raqamlashtirish, soliq toʼlovchilarga xizmat koʼrsatish sifati va koʼlamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – koʼmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini oʼrganish va soliq qonunchiligidagi oʼzgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.
Mazkur topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi oʼzgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida 28-29 mart kunlari Davlat soliq qoʼmitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʼtkazildi.
Yashnobod tuman davlat soliq inspektsiyasi tomonidan 2023 yilning 1-choragi davomida amalga oshirilgan ayrim maʼlumotlarga eʼtiboringizni qaratsak. Davlat soliq inspektsiyasi mutaxassislari tomonidan tumanda jami 14 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar oʼtkazildi. Uchrashuvlarda qariyb 642 nafar tadbirkorlik subʼektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʼzgartish va qoʼshimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Аyni paytda Yashnobod tumanida 4512 taga yaqin faol tadbirkorlik subʼektlari mavjud. Yil boshidan “Soliqchi-koʼmakchi” tamoyili asosida tumanimizdagi oʼrganilgan 2315 ta korxonaning 1423 ta muammolari aniqlanib, mazkur muammolarning barchasi bevosita soliq xodimlari koʼmagida hal etildi.
Yashnobod tuman davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subʼektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 563 ta korxonadagi 1235 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi.
Аytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda.
Xususan, 2020 yilda yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksini qabul qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mol-mulk soligʼi esa 2 foizdan 1,5 foizga tushdi. Аylanmadan olinadigan soligʼi stavkasi oʼtgan yilgi foizda saqlab qolindi. Natijada, Yashnobodlik tadbirkorlarning ham islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari tumanda 1,5 baravar koʼpaygan boʼlsa, aylanmadan olinadigan soligʼi toʼlovchilar soni 3 149 dan 3 610 taga yetdi.
Joriy yilda “Soliq hamkor” dasturi orqali tuman hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼektlari bilan bogʼliq soliq huquqbuzarliklari toʼgʼrisida jami 884 ta murojaat kelib tushgan boʼlib, murojaatlar yuzasidan 241 ta sayyor soliq tekshiruvlari oʼtkazildi.
Murojaat qilgan 683 nafar fuqarolarning bank plastik kartochkasiga 847,6 mln.so‘m pul mablag‘lari belgilangan tartibda o‘tkazib berildi. Bulardan tashqari 184 nafar fuqarolarga 391,7 mln. so‘mlik moddiy yordamlar ajratildi.
Hurmatli tadbirkorlar! Yashnobod tumani Davlat soliq inspektsiyasi xodimlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida Sizlarga yaqindan yordam berishga doimo tayyordirlar. Bizga murojaat qiling barcha savollaringizga javob berishga va bilmaganlaringizni o‘rgatishga astoyidil ko‘maklashamiz.
Ulug‘bek Xatamov, Yashnobod tumani Davlat soliq inspektsiyasi boshlig‘i.