YASHNOBOD TUMАNI DАVLАT SOLIQ INSPEKTSIYASI BOSHLIG‘INING YIL BOSHIDAN BUYON “SOLIQCHI-KO‘MAKCHI” TAMOYILI ASOSIDA TUMANIMIZDAGI 2356 TA KORXONANING 1403 TA MUAMMOLARI O‘RGANILDI

Yurtboshimiz joriy yilning 16-mart kuni Davlat soliq qoʼmitasiga tashrifi chogʼida sohani takomillashtirish, xususan soliq tizimini raqamlashtirish, soliq toʼlovchilarga xizmat koʼrsatish sifati va koʼlamini oshirish, shuningdek, “Soliqchi – koʼmakchi” tamoyili asosida tadbirkorlar bilan bevosita muloqotga kirishib, ularning muammolarini oʼrganish va soliq qonunchiligidagi oʼzgarishlarni tushuntirish yuzasidan bir qator topshiriqlar bergandi.

Mazkur topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, tadbirkorlarni soliq sohasidagi oʼzgarish va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida 28-29 mart kunlari Davlat soliq qoʼmitasi rahbariyati boshchiligida joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʼtkazildi.

Yashnobod tuman davlat soliq inspektsiyasi tomonidan 2022 yilning 1-choragi davomida amalga oshirilgan ayrim maʼlumotlarga eʼtiboringizni qaratsak. Davlat soliq inspektsiyasi mutaxassislari tomonidan tumanda jami 12 marotaba tadbirkorlar bilan bevosita muloqotlar oʼtkazildi. Uchrashuvlarda qariyb 529 nafar tadbirkorlik subʼektlariga soliq qonunchiligiga kiritilgan oʼzgartish va qoʼshimchalar, yangiliklar, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Аyni paytda Yashnobod tumanida 4500 taga yaqin faol tadbirkorlik subʼektlari mavjud. Yil boshidan “Soliqchi-koʼmakchi” tamoyili asosida tumanimizdagi oʼrganilgan 2356 ta korxonaning 1403 ta muammolari aniqlanib, mazkur muammolarning barchasi bevosita soliq xodimlari koʼmagida hal etildi.

Yashnobod tuman davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan tadbirkorlik subʼektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 956 ta korxonadagi 7 683 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirildi.

Аytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi va biznes uchun qulayliklarni oshirish, soliq munosabatlarida inson omilini kamaytirish maqsadida soliq maʼmuriyatchiligi tubdan isloh qilinmoqda.

Xususan, 2020 yilda yangi tahrirdagi Oʼzbekiston Respublikasi Soliq kodeksini qabul qilindi. Soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Mol-mulk soligʼi esa 2 foizdan 1,5 foizga tushdi. Аylanmadan olinadigan soligʼi stavkasi oʼtgan yilgi foizda saqlab qolindi. Natijada, Yashnobodlik tadbirkorlarning ham islohotlarga ishonchi ortib, soliq tushumlari tumanda 1,5 baravar koʼpaygan boʼlsa, aylanmadan olinadigan soligʼi toʼlovchilar soni 3 149 dan 3 610 taga yetdi.

Joriy yilda “Soliq hamkor” dasturi orqali tuman hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼektlari bilan bogʼliq soliq huquqbuzarliklari toʼgʼrisida jami 4810 ta murojaat kelib tushgan boʼlib, murojaatlar yuzasidan 1420 ta sayyor soliq tekshiruvlari oʼtkazildi.

Murojaat qilgan 543 nafar fuqarolarning bank plastik kartochkasiga 691,2 mln.so‘m pul mablag‘lari belgilangan tartibda o‘tkazib berildi. Bulardan tashqari 97 nafar fuqarolarga 338,6 mln. so‘mlik moddiy yordamlar ajratildi.

Hurmatli tadbirkorlar! Yashnobod tumani Davlat soliq inspektsiyasi xodimlari “Soliqchi – ko‘makchi” tamoyili asosida Sizlarga yaqindan yordam berishga doimo tayyordirlar. Bizga murojaat qiling barcha savollaringizga javob berishga va bilmaganlaringizni o‘rgatishga astoyidil ko‘maklashamiz.

Ulug‘bek Xatamov, Yashnobod tumani Davlat soliq inspektsiyasi boshlig‘i.