Joriy yilning 8-yanvar kuni Yashnobod tumanida tuman hokimi B. Raxmankulov raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Murojaatnomaning zamonaviy davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, uning strategik ahamiyati hamda davlat siyosatini belgilovchi muhim hujjat ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, Murojaatnoma davlat rahbarining fuqarolar oldidagi ochiq hisobdorligini ta’minlaydi, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar tahlili va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilashda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘ilish davomida Prezidentimizning Murojaatnomasi nafaqat yil yakunlari sarhisobi, balki mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichiga oid aniq maqsad va vazifalarni belgilab beruvchi kompleks siyosiy hujjat ekani qayd etildi. So‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar “deklaratsiya”dan “amaliy natija”ga o‘tganini ko‘rsatmoqda.
Seminar yakunida 2025 yilgi Murojaatnoma asosida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
Murojaatnoma davlat siyosatida strategik boshqaruv hujjati sifatida muhim o‘rin tutishi;
Yangi O‘zbekistonda natijador va insonga yo‘naltirilgan davlat modeli shakllanib borayotgani;
Ijtimoiy davlat, mahalla instituti va inson kapitalining o‘zaro uyg‘un rivojlanishi;
Innovatsiya va texnologik taraqqiyot milliy iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylangani;
O‘zbekistonning xalqaro maydonda ochiq, konstruktiv va ko‘p vektorli siyosat olib borayotgani.
Mazkur seminar Murojaatnomada belgilangan vazifalarni joylarda samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
